
Ukraina Milliy banki rahbari Andrey Pishniyning Reuters agentligiga ma’lum qilishicha, mamlakat AQSH dollaridan voz kechib, yevroga o‘tish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Bu qaror Yevroittifoqqa a’zo bo‘lish istiqboli, Yevropa bilan mudofaa sohasidagi hamkorlikning kuchayishi, global bozorlardagi beqarorlik va xalqaro savdoning bo‘linib ketishi ehtimoli bilan bog‘liq.
Pishniyning ta’kidlashicha, bu jarayon murakkab bo‘lib, yuqori sifatli va har tomonlama tayyorgarlikni talab etadi. Hozirda AQSH dollari Ukraina valyuta bozorining barcha segmentlarida ustunlik qilmoqda, ammo yevro bilan amalga oshirilayotgan operatsiyalar ulushi ko‘plab yo‘nalishlarda o‘sib borayotganini qo‘shimcha qildi.
Ukraina 1996 yilda grivnani joriy etgan va o‘shandan beri dollarni asosiy valyuta sifatida qabul qilgan. 2022 yildagi Rossiya hujumidan so‘ng, Milliy bank dollarga nisbatan kursni belgilagan, keyinchalik 2023 yil oktyabrida boshqariluvchi kursga o‘tilgan.
Yevroittifoq bilan yaqinlashuv va iqtisodiy tiklanish Ukraina iqtisodiyotining o‘sishini 2025–2026 yillarda 3.7–3.9% gacha ta’minlashi kutilmoqda. Biroq, bu jarayon urushning yakunlanishi va xavfsizlik kafolatlariga bog‘liq bo‘ladi.
Moldova 2025 yil 2 yanvarda yevroni asosiy valyuta sifatida qabul qilgani Ukraina uchun ilhom manbai bo‘ldi. Ukraina ham shunday yo‘lni tanlashi mumkin.
Ukraina, Andrey Pishniy, Aqsh, Yevroittifoq, Rossiya