
Yevropa Chempionlar Ligasi yarim finalida Parijning PSJ jamoasiga ikki bahs natijasiga ko‘ra mag‘lub bo‘lgan «Arsenal» bosh murabbiyi Mikel Arteta o‘yindan so‘ng muxlislar va OAV oldida o‘z fikrlarini bayon etdi. Uning ta’kidlashicha, jamoa maydonda o‘z salohiyatini to‘liq namoyon qilgan va ko‘rsatgan o‘yini bilan finalga munosib bo‘lgan.
«Avvalo, PSJni finalga chiqqanlari bilan tabriklayman. Ular harakat qilishdi, oxirida natijaga erishishdi. Ammo menimcha, har ikki o‘yinda ham «Arsenal» raqibdan yaxshiroq o‘yin namoyon etdi. Bu futbol — ba’zan eng yaxshi o‘ynagan emas, balki eng samarali bo‘lgan jamoa g‘alaba qiladi», — dedi Arteta.
Ispaniyalik mutaxassisning fikriga ko‘ra, ikki uchrashuvda ham asosiy farq raqib darvozabonining o‘yini bo‘lgan. «Ular uchun posbon hal qiluvchi omilga aylandi. Bizda ko‘plab imkoniyatlar bo‘ldi, lekin ulardan foydalanishda omadimiz kelmadi. Qachonlardir bunday o‘yinlar sizni rivojlantiradi. Bizning futbolchilar esa buni his qilib turishibdi», — deb qo‘shimcha qildi u.
Mikel Arteta jamoaning o‘yinini yuqori baholar ekan, futbolchilarni ruhiy jihatdan ko‘tarishga ham urinadi: «Biz bu yerga yurish bilan emas, yurak va fidoyilik bilan yetdik. Hech kim «Arsenal»ni favorit sifatida ko‘rmayotgan bir paytda, futbolchilarim maydonda o‘zini yetakchi deb his qilar darajada o‘ynashdi. Shuning o‘zi ham katta yutuq», — dedi ustoz.
Arteta so‘zlarining yakunida jamoa faoliyatidagi bunday bosqichlar kelajakdagi g‘alabalar uchun poydevor bo‘lishini ta’kidladi: «Biz bu mag‘lubiyatdan saboq olamiz. Futbolchilar ham, murabbiylar ham bunday uchrashuvlardan keyin yanada kuchliroq bo‘lib chiqishadi. Finalga chiqmadik — lekin bu bizni to‘xtatmaydi».
Endi «Arsenal» uchun barcha e’tibor APLdagi qolgan bahslarga qaratilgan. Jamoa muxlislari Artetaning so‘zlaridan ruhlanib, kelgusi mavsumda Yevropa sari yanada qat’iy intilishga ishonch bilan qaramoqda.
Arteta, Psj, Arsenal, Mikel Arteta, Ispaniya